Uznergo.uz Uznergo.uz

YANA BIR BOR ELEKTR ENERGIYASI HAQIDA

«O‘zbekenergo» o‘rniga uchta yangi tashkilot

Elektr energetika tarmog‘ining ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlamasdan turib iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarining sanoat salohiyatini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish va hayot sifatini yaxshilashga erishib bo‘lmaydi. Shu bois zamonaviy sharoitlarda elektr energetika tarmog‘ida raqobat muhitini rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi tashkiliy-huquqiy asoslarni tubdan takomillashtirish maqsadida joriy yilning mart oyida «O‘zbekenergo» AJ faoliyati tugatilib, uning o‘rniga alohida uchta tashkilot paydo bo‘ldi. Bular «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlaridir.

1kVt elektr uchun qancha harajat sarflanadi?

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i Abduhamid Jo‘raevning aytishicha, 1 kVt.s. elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 0,3 m3tabiiy gaz yoki 1,2 kg ko‘mir yoki 0,3 kg mazut yoki 3,1 m3er osti gazi ishlatiladi. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 2019 yilda jami 51,6 mlrd. kVt. soat elektr energiyasini transportirovka qilish majburiyatini (ish hajmini) olgan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 104,2 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan.

2019 yilning yanvar-avgust oyidagi holatga ko‘ra 32,9 mlrd. kVt. soat elektr energiyasi transportirovka qilindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 100,4 foizni tashkil etadi. Qolaversa, yil sayin aholi o‘sishi va turmush farovonligining oshishi hisobiga elektr energiyasidan foydalanish tez sur’atlarda oshib bormoqda. Ana shu 4 foiz farq ham kVt hisobida hisoblansa, o‘tgan yilga nisbatan 3 milliard kVt elektr ko‘p ishlatilganini ko‘rsatib turibdi. Bu deyarli bitta viloyatning bir yil davomida ishlatadigan elektr hajmiga tengdir.

Davlat nega subsidiya ajratdi?

Bugungi kunda elektr energiyasini olishda 80 foiz tabiiy gaz yoki ko‘mirdan foydalaniladi. Tabiiy gaz narxining ko‘tarilgani elektr energiyasi harajatlari keskin oshib ketishiga ham sabab bo‘ldi. Natijada, elektr energiyasi ishlab chiqarish harajatlarida aholi tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar oshirilgan narxlarda hisoblangan taqdirdayam oldingidan ham ko‘proq o‘zini oqlamay qoldi. Shu bois soha hukumat tomonidan 454 milliard so‘m miqdoridagi budjet subsidiyasi ajratilishi bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.

Soha mutaxassislari elektr olish uchun ulkan tabiiy gaz va ko‘mir zaxiralarimiz ishlatilayotganligi ta’kidlab, elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirmoqda.

Yangi hisoblagich — «yuqori aniqlikka ega»

– Oldingi elektr hisoblagichlar yuqori sezuvchanlikka ega emasdi, ularga inson omilining ta’sir etish imkoniyati keng bo‘lib, ayrim odamlar qing‘ir yo‘llar bilan ularni to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin edi, – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqarma boshlig‘i D. Yusufaliev. – Hozirda ayrim aholi vakillari yangi hisoblagich «ko‘p pul yozayotganidan» shikoyat qilmoqda. Aslida biz aholiga bir narsani to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Yangi hisoblagichlar yuqori aniqlikka ega. Bu soha ham takomillashdi. Misol uchun oldingi hisoblagichda mobil telefonini quvvatlovchi moslama tokka ulangan holatda uyimizda kun bo‘yi turganida ham unga ketgan tok kuchi hisoblanmagan. Hozirgi yangi hisoblagichlar esa juda kichik elektr sarfini ham hisoblaydi. Ammo hech qanday ortiqcha hisobga yo‘l qo‘ymaydi. U necha-necha bor tekshiruvlardan, sifat nazoratidan o‘tkazilgan. Biz bunga to‘liq aminmiz. Shu bois aholini yana bir bor elektrdan tejab foydalanishga chaqiramiz.

Zebo NAMOZOVA, «Ishonch» muxbiri

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Нет комментариев. Ваш будет первым!
Используя этот сайт, вы соглашаетесь с тем, что мы используем файлы cookie.