Uznergo.uz Uznergo.uz

Elektr tokini tejaydigan lampalar

Xonadonlarimizni charog‘on etish bilan birga iqtisodiyotimizga ham katta foyda keltirmoqda

Hozir axborot-texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Olimlar tomonidan kashf etilgan kashfiyotlar dunyoga yoyilib ulgurmay, bundan-da yangi va mukammalroq ixtirolar yaratilyapti.

Yurtimizda ham bugungi kunda ko‘plab sohalarda texnikaning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish tufayli xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanmoqda, odamlarga ko‘plab qulayliklar barpo etilmoqda. Masalan, ayni paytda butun dunyoda elektr-energiyaga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga ortib boryapti. Buning boisi, mutaxassislarning fikricha, aholining soni ortib borishi natijasida ko‘plab yangi shaharlar, yangi aholi istiqomat qiladigan hududlar paydo bo‘layotgani birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchisi qanchadan-qancha sanoat korxonalari bunyod etilayotgani hamda boshqa shunga o‘xshash elektr-energiya bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlarning ortayotganligidir. Shu boisdan hozirda dunyo olimlari elektr-energiya ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirishni emas, balki ushbu bebaho ne’matni tejash ustida bosh qotirishmoqda.

Misol uchun, barchamiz uchun bir qarashda oddiy hisoblangan elektr lampalari xonadon va ishxonalarimizni qancha yoritishi kerak bo‘lsa, shuncha yoritib turadi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ushbu lampalar yonib turishi uchun bir kunda qancha, bir hafta, bir oy yoki bir yilda qancha elektr toki sarflanadi?

Ayni chog‘da ushbu bebaho ne’matni tejab ishlatish borasida bugungi kunda mamlakatimizda ham soha olimlari va mutaxassislari tomonidan bir qator amaliy ishlar qilinmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hozir aholi orasida «eshitdingizmi, elektr tokini tejaydigan lampalar o‘zimizda ham ishlab chiqarilayotgan ekan. Bu lampalarga uncha ko‘p elektr toki sarflanmasakan. Uzoq muddatda chidarkan», degan gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinmoqda.

Shu bois, biz gazetxonlarimizga ushbu lampalar to‘g‘risida batafsilroq ma’lumot berish maqsadida«Vesta Electric» kompaniyasining Savdo va marketing ishlari bo‘yicha ijrochi direktori Muzaffar Abdullayevbilan suhbatlashdik.

— Bugungi kunda kompaniyamiz tomonidan elektr tokini tejaydigan Lyumenistent va LED lampalari ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Birinchi bo‘lib faoliyatimizni boshlaganimizda lyumenistent lampalarini ishlab chiqarganmiz. Ushbu lampaning tuzilishi va tarkibi quyidagilardan tashkil topgan. Bular — shisha trubka, argon gazi, amalgam, ballast, sokollardir. Yana shuni aytish mumkinki, mahsulot ekologik jihatdan toza va inson salomatligi uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Hozirgi kunda ushbu ishlab chiqarayotgan mahsulotimizga simob qo‘llanilmaydi. Uning o‘rniga amalgamdan foydalaniladi. Aslida amalgam simob bilan qalay qotishmasidir. Lyumenistent lampa tarkibidagi argon gazi havoni yuqori bosim ostida siqish evaziga ajratib olinadigan havoning bir qismidir. Lampa naychasi singan taqdirda ham ushbu gaz yana o‘z xossasiga ko‘ra, havoga singib ketadi. Bu gazni hatto tutib ham bo‘lmaydi. Oddiy qilib aytganda, bu gaz inson organizmi uchun zararsizdir.

Endi XXI asrning energetika sohasidagi eng so‘nggi kashfiyoti hisoblangan LED lampasi haqida ma’lumot bersam, ko‘pchilikka foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Aslida, LED (Ligxt Emission Diod), ya’ni yorug‘lik taratuvchi diod deganidir. Uning texnologiyasini ixtiro etgani uchun bir qator yaponiyalik olimlar Isamu Akasaki, Xiroshi Amano va Shuji Nakamuralarga 2014 yilda fizika yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti berilgan. Sababi ushbu ixtiro XXI asrda insoniyat turmush tarzini o‘zgartirib yuboradi, deb xulosa qilingani bois berilgan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Edison (isituvchi, cho‘g‘lantiruvchi) lampalari XX asrning eng yaxshi ixtirosi hisoblangan bo‘lsa, XXI asr LED lampalari asri bo‘ladi, deyishmoqda.

Xususan, LED lampasining tuzilishi va tarkibi quyidagilardan tashkil topgan. Bular drayver (elektr tokini mo‘tadillashtirib beradi), diod, plata, karkas, radiator, qoplama, sokollardir. Ushbu mahsulot ham ekologik jihatdan toza va inson salomatligi uchun hech qanday xavfi yo‘q.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ushbu elektr tokini tejovchi lampalarimizning nimalardan tarkib topganligi to‘g‘risida tushuncha berdik. Endi barchani birdek, qiziqtirayotgan ushbu lampalarimiz davlatimizga iqtisodiy jihatdan qancha elektr-energiyani tejab berishi hamda iste’molchilarga elektr haqini to‘lashda qancha foyda keltirishi haqida ma’lumot beraylik.

Misol uchun, hali ham iste’molda ishlatib kelinayotgan cho‘g‘lantiruvchi lampalar, ya’ni 100 Vt ni 1 kunda 6 soat yoqilgan taqdirda bir dona lampaning elektr tokini so‘mga nisbatan sarflagan xarajati 86 so‘mni tashkil etadi. Bir haftada esa ushbu xarajat 601 so‘mni, 1 oyda 2574 so‘mni, 1 yilda esa 31317 so‘m mablag‘ sarflanadi. Shuningdek, ushbu lampaning 150 Vt 6 soat yoqilgan tursa, 1 kunda 129 so‘m, 1 haftada 901 so‘m, 1 oyda 3861 so‘m, 1 yilda esa iste’molchi 46976 so‘mlik elektr tokini ishlatgani uchun haq to‘laydi.

Elektr tokini tejovchi hisoblangan lyumenistent 20 Vt lampa 1 kunda 17 so‘m, 1 haftada 120 so‘m, 1 oyda 515 so‘m, 1 yilda esa 6263 so‘mlik elektr tokini sarflaydi xolos.

XXI asrning eng yaxshi kashfiyoti hisoblangan LED 9 Vt lampasi 1 kunda esa 8 so‘m, 1 haftada 54 so‘m, 1 oyda 232 so‘m, 1 yilda esa bor-yo‘g‘i 2819 so‘mlik elektr tokini sarflaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, LED lampasini ishlatish iste’molchiga ko‘p jihatdan foydali.

Qarang, elektr tokini tejaydigan lampani ishlatgan odam bebaho ne’mat hisoblangan elektr energiyani tejashga o‘z hissasini qo‘shibgina qolmasdan, tejalgan elektr energiya davlat uchun foydali boshqa maqsadlarga sarflanishiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompaniyamiz iste’molchilarga yanada ishonchli xizmat ko‘rsatish uchun bir dona lyumenistent lampasini ishlatish uchun 15 oy kafolat bergan holda xaridorga sotmoqda. O‘sha davrda lampaga biron narsa qilsa, yangisiga almashtirib beriladi. Xuddi shuningdek, LED lampasiga ham 24 oy kafolat berilib, yangisiga almashtirib beriladi.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, ushbu lampalardan foydalanish qanchalab elektr-energiya tejaydi. Shu bois katta-katta zavod, fabrikalarda yoki xususiy ishlab chiqarish korxonalarida ham tejamkor texnologiyalardan foydalansak, davlatimizga va o‘zimizga katta iqtisodiy foyda keltirgan bo‘lamiz.

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Нет комментариев. Ваш будет первым!
Используя этот сайт, вы соглашаетесь с тем, что мы используем файлы cookie.